ANDIJON VILOYATI IIB BOSHLIG‘I POLKOVNIK SANJAR DJABAROVNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 34 YILLIGI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI!
Hurmatli hamyurtlar!
Siz, azizlarni, ana shunday ulug‘ va muqaddas ayyom — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34-yillik bayrami bilan chin qalbimdan, samimiy tabriklayman!
Bu qutlug‘ sana barchamiz uchun ulkan iftixor, sharaf va mas’uliyat ramzidir. 1991-yil 1-sentyabrda erishilgan mustaqillik — xalqimiz tarixida yangi davrni boshlab berdi. Ayni paytda, mustaqillik — bu faqat erkinlik emas, balki taraqqiyot, tinchlik, osoyishtalik, farovon hayot sari dadil odimlash imkoniyatidir.
O‘tgan 34-yil mobaynida mamlakatimizda barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirildi. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekiston strategiyasida inson manfaati, qonun ustuvorligi va adolat ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, huquq-tartibot organlari zimmasiga yurt tinchligi, xalq osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashish vazifalari yuklatilgan.
Biz, ichki ishlar organlari xodimlari, ana shu yuksak ishonch va mas’uliyatni his etgan holda, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish, fidokorona mehnat qilishni o‘zimizning burchimiz deb bilamiz.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarni yana bir bor Mustaqilligimizning 34-yilligi bilan muborakbod etar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy tinchlik, baxtu saodat va yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan, Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik S.B.Djabarov
2025-yil 31-avgust.