10 Oktyabr 2025 yil 483

Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Sanjar Djabarovning kriminogen vaziyat bo‘yicha viloyat aholisiga profilaktik-ogohlantiruvchi murojaati

Assalomu alaykum, Andijon viloyati aholisi, hurmatli yurtdoshlar !

Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimizning rahbarligida ulkan o‘zgarishlar, islohotlar amalga oshirilyapti.

Prezidentimiz ana shu yangilanish, o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar  va amaliy ishlarga kirishildi.

O‘zbek vatandoshimizmi, chet ellik tadbirkor, sarmoyador bo‘ladimi, barcha-barcha, O‘zbekistonimizda tinch va osuda, munosib  hayot sharoitlari bilan ta’minlangan, uning hayoti har qanday jinoiy tajovuz va tahdidlardan kafolatli himoyalangan bo‘lishi shart.

“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.

Viloyatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning yangi mexanizmlari joriy etilyapti. Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham ko‘rinyapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlash vazifasi qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni bartaraf qilish, shaharning har bir ko‘chasida, bozorida, jamoat joylarida xavfsiz muhit yaratish choralari ko‘rilyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 03.01.2025-yildagi PQ-1-sonli “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish amaliyoti doirasida aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikni erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etilib, idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Qaror ijrosi doirasida viloyatdagi jami 879 ta mahallaning kriminogen vaziyati og‘ir 97 ta mahallalarga mas’ul rahbarlar nomma-nom biriktirilib, barcha tuman va mahallalarning chorakli manzilli chora-tadbirlar  “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yo‘l xaritalari” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga 8 857 ta, ko‘p qavatli uylarning hovlisiga 360 gradus aylanuvchi 318 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 2 226 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 485 ta, jami bo‘lib 11 886 ta kameralar, ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 2 903 ta domofonlar, uylarning kirish yo‘laklariga 569 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi, 1 956 ta savdo muassasalari va 14 642 ta xonadonlar tezkor qo‘riqlovga olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” hamda “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi jami 9 720 ta stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 1 402 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” hamda 2 891 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi, ichki yo‘llar va ko‘chalar 3 395 ta yoritish vositalari bilan ta’minlandi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 97 ta mahallalarning 53 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi, 28 tasida kriminogen vaziyat barqarorlashdi.

Davlat rahbarining Qaroriga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha kunlik so‘rov va o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ydik.

Bunda, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarning jinoyat o‘choqlari joyida o‘rganilmoqda, misol uchun, mahallalarida sodir etilgan 1 011 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi.

Biz, ichki ishlar organlari, aholining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishda qonuniylikni ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash uchun zimmamizda katta mas’uliyat yotganligini, hal etishimiz zarur bo‘lgan masalalar ko‘p ekanligini juda yaxshi tushunamiz.

Hurmatli fuqarolar!

Juda ko‘p masalalarda ish uslublarimiz o‘zgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab qilayotgan,  jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzarliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf  qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga e’tiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida e’tibor qaratamiz.

Text to speech