Andijon viloyati IIB boshlig‘ining Jalaquduq tumanida aholining ijtimoiy va huquqiy masalalardagi murojaatlarini hal etishga qaratilgan sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi
Joylarda aholini o‘ylantirayotgan muammolarni bevosita o‘rganish, ularning huquqiy va ijtimoiy masalalardagi murojaatlarini hal etish maqsadida Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Sanjar Djabarov navbatdagi sayyor qabulini Jalaquduq tumanida o‘tkazdi.
Ushbu sayyor qabulda nafaqat ichki ishlar organlari xodimlari, balki tegishli davlat idoralari vakillari ham ishtirok etdi.
Qabul jarayonida fuqarolar sog‘ligini tiklash uchun davolanish muassasalariga yo‘llanmalar olish, ishga joylashish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kredit mablag‘lari ajratish, probatsiya hisobidagi shaxslarni jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalar rasmiylashtirish hamda boshqa turli ijtimoiy masalalar bo‘yicha murojaat bilan chiqishdi.
Ta’kidlash joizki, fuqarolar tomonidan bildirilgan har bir murojaat o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Ayrim masalalar sayyor qabul jarayonidayoq ijobiy hal etildi, qolganlari esa nazoratga olinib, tegishli mutaxassislar tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.
Andijon viloyati IIB rahbariyati tomonidan bunday sayyor qabullar tizimli ravishda tashkil etilib, aholi muammolarini joyida hal qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati