Andijon viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi tomonidan umumta’lim maktablarida xavfsiz muhitni yaratish maqsadida “Oila – mahalla - maktab” tamoyili asosida monitoring-o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda
Monitoringdan ko‘zlangan asosiy maqsad:
- maktablarda axloqiy-psixologik muhitni yaxshilash bo‘yicha manzilli dasturlarni amalga oshirish, o‘quvchilar o‘rtasida nazoratsizlikni keltirib chiqaruvchi omillarni o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan zaruriy choralarni belgilash;
- o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarlik holatlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish, profilaktika inspektorlari tomonidan tarbiyasi og‘ir o‘quvchilarning yashash joylarida ularning ota-onalari va mahalla faollari ishtirokida tizimli ishlarni amalga oshirishini yo‘lga qo‘yish;
- o‘quvchilarda vatanparvarlik, Vatanga sadoqat hissini shakllantirish orqali ular o‘rtasida salbiy holatlar, daydilik va tilanchilik kabi g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning barvaqt oldini olish;
- maktablarda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga, ularni kasbga yo‘naltirishga, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashish;
- umumta’lim maktablari pedagogik jamoasi va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bilan birgalikda darslarga sababsiz muntazam ravishda qatnashmayotgan o‘quvchilarni aniqlash, bunga ta’sir qiluvchi omillarni o‘rganish, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda voyaga yetmaganlarning ta’lim olishiga to‘sqinlik qilayotgan sabablarni bartaraf etish choralarini ko‘rishdan iboratdir.
Marhamat va Asaka tumanlarida o‘tkazilgan monitoring davomida 2024-yilning 1-sentyabr kunidan shu kunga qadar turli sabablarga ko‘ra, Andijon viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan voyaga yetmaganlarning o‘qishi, xulq-atvori va oilasidagi muhit tuman voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar organi vakillari bilan birgalikda o‘rganildi, ular bilan tarbiyaviy-profilaktik suhbat o‘tkazildi, umumta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari uchun ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan davra suhbati tashkil etilib, faol qatnashganlar rag‘batlantirildi. Bundan tashqari, markaz xodimlari tomonidan umumta’lim maktabi rahbariyati, ota-onalarga tarbiyasi og‘ir bolalar bilan qanday ishlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. O‘zaro fikr almashildi.
Bu kabi tizimli ma’rifiy, profilaktik chora-tadbirlar voyaga yetmaganlarni ma’nan boy va oliyjanob qilib tarbiyalashda, oila, mahalla va maktab birligini, hamjihatligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati