30 May 2025 yil 1638

Andijon viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi tashabbusi bilan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatini yetkazishga qaratilgan o‘quv-seminari tashkil etildi

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish – nafaqat insonparvarlik tamoyili, balki adolatli, barqaror va farovon jamiyat qurilishining asosi sanaladi. Har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlik bolalik davrini izdan chiqaradi, baxtli bolalik imkoniyatlarni cheklaydi va barqaror taraqqiyotga xizmat qiluvchi fundamental huquqlarni buzadi.

Davlatimiz tomonidan bola huquqlari va boshqa qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ-996-son Qonuni bu borada muhim ahamiyatga molik hodisa bo‘ldi.

Tadbirning asosiy mavzusi ham mazkur dolzarb masalaga bag‘ishlandi. Qonunning to‘g‘ridan to‘g‘ri va manzilli ijrosi ushbu sohada vakolatli bo‘lgan davlat organlari, mas’ul mutasaddilar sa’y-harakatiga bog‘liq. Shu sababli ijtimoiy himoya milliy agentligi Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasida bo‘lib o‘tgan tadbirga Andijon viloyatining barcha shahar-tumanlaridan bevosita voyaga yetmaganlar hamda oilalar bilan ishlovchi ta’lim, ijtimoiy soha vakillari, ichki ishlar organlari xodimlari va faol fuqarolar jalb etildi.  

Tadbir davomida ma’ruzachilar tomonidan bolalar bilan bog‘liq ko‘plab fojialar jamiyatdan yashirin qolayotganligi, ovozi eshitilmay qolayotgan har bir bolaning taqdiri muhimligi, har bir bola xavfsizlik, himoya va qo‘llab-quvvatlanish huquqiga ega ekanligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu qonun bilan joriy etilayotgan yangi tartib va o‘zgarishlar, voyaga yetmaganlarga ham himoya orderi berish mumkinligi, bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganligi, sha’ni va qadr-qimmati kamsitilganligi haqidagi xabarlar uchun alohida ishonch telefoni ishga tushirilishi, murojaat qilganlarning shaxsi sir saqlanishi, shaxsga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarni bolalar muassasalarida ishlashining taqiqlanishi to‘g‘risida ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berildi.

Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Endilikda O‘zbekiston Respublikasida bola huquqlarini ishonchli himoya qilinishiga barqaror rivojlanishining, ijtimoiy adolatning asosiy poydevori sifatida qaraladi.

Joriy yilning may oyida «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun kuchga kirdi. Ushbu qonun – bu zo‘ravonliksiz jamiyat yaratish yo‘lidagi dastlabki qadam, xolos. Kelgusida ham bu boradagi ishlarning iqtisodiy, siyosiy va huquqiy asoslari yanada takomillashtirilib, mustahkamlab boriladi.  

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech