Andijon viloyati IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan 2023 yilning 12 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sarhisob qilindi
Joriy yilning 10-yanvar kuni Andijon viloyati IIBda Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi apparati, tuman-shahar IIB boshliqlarining xizmat bo‘yicha o‘rinbosarlari, HPB boshliqlari, profilaktika (katta) inspektorlari, HKMB katta inspektorlari, voyaga yetmaganlar bo‘yicha inspektor-psixologlar ishtirokida 2023-yilning 12 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar tahlili va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i, polkovnik B.E.Berdialiyev hamda Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i podpolkovnik I.B.Ismanov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yo‘nalishlar kesimida muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan Andijon viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik M.M.Mamirjonovning axboroti eshitildi. Axborotdan kelib chiqib, eʼtibor qaratish zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Xususan, o‘tgan yil davomida Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xodimlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga so‘zsiz amal qilishi, shuningdek, kasbiy madaniyat va xizmat intizomi Kodeksi talablariga rioya etishlarini taʼminlash borasida amaliy ishlar yo‘l qo‘yilganligi qayd etildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i, polkovnik B.E.Berdialiyev so‘z olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan aholining tinchligini saqlash va xavfsizligini taʼminlash masalasiga katta eʼtibor qaratib kelinayotganligi, mahallada xavfsiz muhitni yaratish borasida ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga yuksak ishonch bildirilib, barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi, profilaktika inspektorlarini ortiqcha yuklamalardan ozod qilish, yetarli shart-sharoitlar bilan taʼminlash hamda o‘z hududida xavfsiz muhit yaratish, bevosita mahallada ijtimoiy profilaktika ishlarini manzilli amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 100 dan ortiq Farmon va Qarorlari, 200 dan ortiq Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilinganligi, jumladan, respublikamizda profilaktika inspektorlariga 6 554 ta xizmat uy-joylari qurib berilganligi, lavozim pog‘onasi “podpolkovnik” etib oshirilganligi, uzluksiz 20 yil ishlaganlarga “polkovnik” unvonlari berilishi belgilanganligi, imtiyozli kredit asosida 7 100 ta shaxsiy avtomashinalar berilganligi, telefon so‘zlashuvlari bepul qilinganligi, oliy yuridik maʼlumotga ega bo‘lish uchun Toshkent shahrida joylashgan Toshkent Davlat Yuridik universiteti filialida har yili 100 ta o‘rin kvota asosida ajratilmoqda, “KPI” reyting tizimi asosida 22 milliard so‘m miqdorida rag‘batlantirilganligi haqida so‘z yuritdi.
Yig‘ilish yakunida xizmat faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishgan va samarali mehnat qilgan xodimlarga vazirlik rahbariyatining tashakkurnomalari va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari tuman-shahar IIBlarda xizmat olib borayotgan voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor psixologlarga xizmat olib borish uchun zaruriy kanselyariya mollari joylashtirilgan xizmat sumkalari tarqatildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati