Andijon viloyatida qatag‘on qurboni bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023-yil 31-avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyobonida berilgan konseptual fikrlar va topshiriqlar ijrosini, shuningdek, Ichki ishlar vazirining 2023-yil 27-dekabrdagi 389-sonli farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Andijon viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilib, nohaq qatag‘onga uchragan xodimlarining nomlarini tiklash va yosh avlodga yetkazilishini taʼminlash maqsadida Boshqarma boshlig‘ining tegishli farmoyishi tasdiqlandi.
Mazkur farmoyishga asosan Sobiq ittifoq tuzumi davrida nohaq qatag‘on qilingan Andijon viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining hayoti va faoliyati haqidagi maʼlumotlarni to‘plash va o‘rganish ishlarini olib borish bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylar, tarixchi olimlardan iborat “Ishchi guruh” tarkibi shakllantirildi.
Shuningdek, nohaq qatag‘onga uchragan ichki ishlar xodimlarini aniqlash bo‘yicha Andijon Davlat Universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi bilan hamkorlik o‘rnatildi.
“Ishchi guruh” tomonidan Andijon viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilib, qatag‘onga uchragan uch nafar xodimlar aniqlandi.
Hozirda qatag‘onga uchragan xodimlarning hayoti va faoliyati haqidagi maʼlumotlarni to‘plash va o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati