4 Noyabr 2025 yil 156

Andijon viloyatida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida uchrashuv-muloqot o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–153-son qaroriga muvofiq har yilning noyabr oyi “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” deb e’lon qilingan.

Mazkur qaror asosida joriy yilning 27-oktyabr kuni Andijon viloyati hokimining “Andijon viloyatida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” kompleks targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish to‘g‘risida”gi tegishli farmoyishi ishlab chiqilib, shu yilning 1-noyabridan  30-noyabr kuniga qadar, viloyatimiz hududida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” keng qamrovli profilaktik-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Xususan, Andijon davlat universitetida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi”ga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon viloyati prokurori Murodillo Abduhakimov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Djabarovlar ishtirok etib, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.

Uchrashuvda internet va axborot maydonida xavfsizlikni ta’minlash, yoshlar orasida kiberxavfsizlik madaniyatini oshirish, fuqarolarning huquqiy ongi va mas’uliyatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir davomida yoshlarga ijtimoiy tarmoqlarda ongli faollik, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish, feyk axborot va kiberhujumlardan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar berdilar. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

“Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida viloyat bo‘ylab turli uchrashuvlar, seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar hamda yoshlarning axborot sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot  tadbirlari davom ettirilmoqda.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech