1 Iyul 2024 yil 1344

Andijon viloyatida o‘tkaziladigan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi - “Cyber-month” kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

Andijon viloyatida 1-iyuldan 30-iyulga qadar “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi – “Cyber-month” kompleks targ‘ibot tadbiri boshlandi. Shu munosabat bilan Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida matbuot va OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, korxona va tashkilotlar masʼullari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda viloyat hokimligi masʼul xodimi Alisher Giyasov,  viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Davronov, Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik markazi masʼul xodimi mayor Umidjon Xamraqulovlar mazkur oylikning maqsad va vazifalari, rejalangan ishlar xususida atroflicha maʼlumotlar berishdi.

Shuningdek, Andijon viloyatida kiberjinoyatlarni oldini olish hamda aholini kiber olamdagi tahdidlardan immunitetini oshirish maqsadida IIV Kiberxavfsizlik markazi, viloyatdagi manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazish hamda innovatsion targ‘ibot usullaridan foydalangan holda barcha ishchi-xizmatchilar, yoshlar bilan hamkorlikda 3 milliondan ortiq aholini qamrab olish rejalashtirilganligi bo‘yicha ham maʼlumotlar yetkazildi.

Bundan tashqari, joylarda mobil targ‘ibotlar bilan birga “Eng faol mahalla”, “Internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanaman”, “Firibgarlardan ehtiyot bo‘ling”, “Eng yaxshi milliy kontent” kabi yo‘nalishlarda tanlovlar, IT sohasida onlayn olimpiadalar, kibertahdidlardan himoyalanish bo‘yicha o‘quv kurslari, sektorlar rahbarlarining fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etish ko‘zda tutilganligi aytib o‘tildi.

Matbuot anjumanida kiberjinoyatchilarning aldoviga ishonib jabrlanlangan fuqarolar o‘z kechmishlarini bayon etishdi. Matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javoblar olishdi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech