4 Sentyabr 2025 yil 1007

Andijon viloyatining Izboskan tumanida sodir etilgan jinoyat sabablari keng jamoatchilik ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi

Joriy yilning 24-avgust kuni Izboskan tumanining Taraqqiyot mahallasida sodir etilgan og‘ir turdagi jinoyatning kelib chiqish sabablari, jamiyatdagi ijtimoiy-ruhiy muhitga ta’siri hamda profilaktik chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Sanjar Djabarov boshchiligida tanqidiy muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.

Keng jamoatchilik ishtirokida bo‘lib o‘tgan muhokamada jinoyat sodir bo‘lishiga olib kelgan omillar, jamiyatdagi bee’tiborlik, profilaktik tadbirlar samarasizligi va muayyan mutasaddi organlar faoliyatidagi kamchiliklar aniq faktlar asosida tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Muhokama davomida jinoyatning oldini olish imkoni bo‘lgani, lekin masalaga mas’ul shaxslar o‘z vaqtida zarur choralarni ko‘rmagani keskin tanqid ostiga olinib, “mahalla yettiligi” a’zolari va boshqa mas’ullar tomonidan ushbu sodir etilgan ayanchli holatdan o‘zlariga yetarlicha xulosa chiqargan holda kelgusida bunday jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi fikr-mulohazalari tinglandi.

Shuningdek, o‘tkazilgan muhokamada bugungi kunda keng tus olayotgan kiberjinoyatchilik va uning turlari xususida ham atroflicha so‘z yuritildi.  Bugungi kunda fuqarolarning ushbu turdagi jinoyatlar qurboniga aylanib qolishlarida aksariyat hollarda ularning ishonuvchanligi sabab bo‘layotganligi keskin tanqid ostiga olinib, barcha ogohlikka chaqirildi. 

Shu bilan birgalikda, ota-onalar farzandlarini yonida tig‘li buyumlar olib yurishiga yo‘l qo‘ymasligi, buning oqibati ayanchli yakun topishi mumkinligi hayotiy voqeliklar yordamida aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, mahalla vakillari tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga oid bildirilgan masalalar ham tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha aniq chora- tadbirlar belgilandi.

Tadbir yakunida barcha mutasaddilarga jinoyat sodir etilishini oldini olish ga qaratilgan aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech