Andijonda “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalarini tarqatilishiga qarshi kurashish” oyligi doirasida hamkorlikdagi profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining farmoyishiga asosan joriy yilning 1 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar respublikamizda “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalarini tarqatilishiga qarshi kurashish” oyligi deb eʼlon qilindi.
Shunga asosan IIV Jinoyat Qidiruv Bosh boshqarmasi, viloyat hokimligi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish mintaqaviy komissiyasi, viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi, Andijon viloyat Psixonevrologiya dispanseri, Andijon viloyat “OITSga qarshi kurashish” markazi masʼul xodimlari ishtirokida ishchi guruh tuzilib, 1 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar viloyat hududida “Yoshlar orasida giyohvand vositalarini tarqatilishiga qarshi kurashish” bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi hamda bu turdagi profilaktik ishlarni kelgusida ham bardavom bo‘lishligi bo‘yicha samarali ishlar tashkil qilinmoqda.
Xususan, shu yilning 02 fevral kuni Andijon Mashinasozlik instituti, Ibn Sino nomidagi Tibbiyot texnikumi, Andijon shahridagi 45605-sonli harbiy qismlarda "Yoshlar orasida giyohvand vositalarini tarqatilishiga qarshi kurashish" mavzusida davra suhbatlari o‘tkazilib, o‘quvchi-yoshlar va harbiy xizmatchilarning qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida “O‘zini yo‘qotganlar” va “Biz OITSga qarshimiz” nomli videofilmlar namoyish etilib, ichki ishlar organlari va hamkor tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan 520 ta maxsus tarqatmalar ishtirokchilarga tarqatildi.
Bundan tashqari, joylardagi hokimliklar, manfaatdor idora va tashkilotlar vakillari bilan "Yoshlar orasida giyohvand vositalarini tarqatilishiga qarshi kurashish" profilaktik-ogohlantiruv ishlari olib borilishiga qaramasdan, shu kunning o‘zida viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda DXX masʼul xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Asaka va Bo‘z tumanlarida noqonuniy giyohvand moddalarining oldi-sottisi bilan shug‘ullanib kelayotgan bir nechta fuqarolar aniqlandi va ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan ayb eʼlon qilindi.
Andijon viloyati hududida “Yoshlar orasida giyohvand vositalarini tarqatilishiga qarshi kurashish” oyligi doirasida ishlab chiqilgan reja asosidagi samarali ishlar jadallik bilan davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati