Andijonda IIV Malaka oshirish institutining professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etilgan sayyor o‘quv kurslari o‘z yakuniga yetdi
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2021 yil 20 noyabrdagi “Ichki ishlar organlarining rahbar xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq, Vazirlik Malaka oshirish institutining professor-o‘qituvchilari tomonidan sayyor o‘quv kurslari tashkil etildi.
Bunda, Andijon viloyati IIB Jinoyat qidiruv, Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmalari hamda tergov xizmati rahbar xodimlari, shuningdek, tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining birinchi va tergov bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdilar.
O‘quv kursining asosiy maqsadi sohaviy xizmat rahbarlariga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishda hududdagi tezkor va kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, prognozlash va baholashning zamonaviy usullarini o‘rgatish, tezkor-qidiruv, jinoyatlarni tergov qilish sohasida tajriba almashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va sharoitlarni o‘rganish, mavjud kuch va vositalarni to‘g‘ri taqsimlash, shuningdek, xizmat faoliyatiga oid islohotlar va yangiliklar, yuridik va maxsus tayyorgarlik bo‘yicha bilimlarini oshirishdan iborat.
O‘quv kursi tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti xodimlari tomonidan innovatsion-pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar va zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali amalga oshirildi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilar tomonidan qonun hujjatlari va amaliyot jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha savollarga institut professor-o‘qituvchilari tomonidan atroflicha javob berildi.
O‘quv kursi yakunida tinglovchilardan yakuniy imtihon olinib, o‘quv kursini muvaffaqiyatli tugatgan xodimlarga belgilangan namunadagi sertifikatlar topshirildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati