“Andijondan murojaat: 39 bosh qo‘y yo‘qolgan, tuman IIB xodimlari nega ishni paysalga solayapti?” sarlavhali videomurojaat yuzasidan rasmiy ma'lumot
2021 yilning 25 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Andijondan murojaat: 39 bosh qo‘y yo‘qolgan, tuman IIB xodimlari nega ishni paysalga solayapti?” sarlavhali videomurojaat joylandi.
Ushbu videomurojaatda Andijon viloyatida yashovchi chorvador oila Ulug‘nor tumanidagi fermer xo‘jaligida 130 bosh qo‘yni boqib kelayotgani biroq ular uyda bo‘lmagan payti 39 bosh qo‘yi yo‘qolgani, o‘g‘rilikni sodir etganlar topilgani ularning ishi esa haligacha qonuniy hal etilmagani oqibatida oilaning moddiy ahvoli yomonlashgani aytib o‘tilgan. Ushbu holat yuzasidan Andijon viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Aniqlanishicha, 2021 yil 29 mart kunidan 03 aprel kuniga qadar vaqt oralig‘ida, nomaʼlum shaxslar Ulug‘nor tumanidagi “Qudrat” nomli fermer xo‘jaligi dala yer maydonida boqib kelinayotgan fuqaro M.M.ga tegishli bo‘lgan bahosi 65.500.000 so‘mlik, 41 bosh qo‘ylarini o‘g‘irlagan.
Hodisa joyi tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ko‘zdan kechirish davomida, ishga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar olingan.
Holat bo‘yicha 2021 yil 04 aprel kuni Ulug‘nor tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qism “B” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari davomida, jinoyatni 46 yoshlik E.Sh. va 26 yoshlik X.I.lar sodir etganligi aniqlanib, 28 bosh qo‘ylar bayonnoma orqali olingan. 2021 yil 24 aprel kuni fuqaro E.Sh. va X.I.lar Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b,v,g”bandlari bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan hamda protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda o‘g‘irlangan qo‘ylarni aniqlab topish yuzasidan Ulug‘nor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati