Aholi muammolariga eʼtibor qaratish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash yuzasidan Davlat rahbarining topshirigʻiga binoan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruh Andijon viloyatida oʻrganish ishlarini boshladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilda Andijon viloyatiga boʻlgan tashrifi jarayonida berilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari, Milliy gvardiya, Adliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Bosh prokuratura va uning tuzilmalari rahbarlari, viloyat sektor boshliqlari hamda boshqa mutasaddi idoralar masʼullaridan iborat ishchi guruh Andijon viloyatida oʻz ishini boshladi.
Tadbirdan maqsad viloyat ijtimoiy infratuzilma obyektlarining sozligi, aholini gaz, elektr energiyasi, koʻmir va ichimlik suvi bilan taʼminlanganligi, isteʼmol bozorlaridagi narx-navo barqarorligi, hududdagi mahallalarda sektor rahbarlari, mahalla raislari, mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollarining hamkorlikda fuqarolarning muammolarini hal etish amaliyotini oʻrganish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish.
Shuningdek ishchi guruh tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikni mahallabay jilovlash dasturlarining ijrosi, huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahallada shakllantirilgan beshlikning hamkorlik masalalariga jiddiy eʼtibor qaratiladi.
Idoralararo ishchi guruhning Andijon viloyatidagi faoliyati yuzasidan kundalik axborot berib boriladi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati