Ayollar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish masalalariga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi
Brifingda xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish hamda notinch davlatlardan olib kelingan yoki jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan ayollarning ijtimoiy moslashuvi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil so‘z yuritildi.
Mazkur masala yuzasidan mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha masʼullar oldida turgan muhim vazifalar haqida gapirib o‘tildi.
Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, jumladan, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, bu borada davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini takomillashtirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu jumladan Andijon tumanida hokimlik va viloyat IIB tomonidan hamkorlikdagi ko‘plab targ‘ibot ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Tashkil etilgan brifingda Andijon viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasidan G. Abduvohidova bugungi kundagi eng dolzarb bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi jinoyatlarni oldini olish, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni ikki tomonni tinglagan holda yarashtirish, erta nikohni oldini olish bo‘yicha maʼlumotlar berdi.
Mazkur brifingda bir qator ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati