18 Iyul 2024 yil 2790

Bo‘ston tumani IIB shaxsiy tarkibi hamda ularning ota-onalari ishtirokida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi

Joriy yilning 17-iyul kuni Bo‘ston tumanida Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Davronov  hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati boshchiligida xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.  

Bo‘lib o‘tgan tadbirda ichki ishlar bo‘limining shaxsiy tarkibi va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbir boshida, yig‘ilganlar eʼtiboriga turli qing‘ir ishlar sodir etib, o‘z vijdonini pulga sotgan bir guruh sobiq xodimlarning ayanchli qismatlari aks etgan videorolik namoyish etilib,  bu kabi sharmandalik holatlarini oldini olish bo‘yicha atroflicha so‘z yuritildi.

Shuningdek, muhokama davomida ichki ishlar bo‘limining shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar holati tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Tadbir so‘ngida, o‘zining namunali intizomi hamda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda boshqa hamkasblariga alohida o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomalari va yana bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi.

Hozirda bu kabi xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan tadbirlar joylarda davom ettirilmoqda.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech