“Daxshat! UKAMNI ZURLAB BUTILKAGA UTIRGIZISHMOQCHI BIZ QIRIB TASHLAYMMIZ KUMVORISH KERAKMIDI” sarlavhali videomurojaat yuzasidan
2022-yilning 4-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarga “Daxshat! UKAMNI ZURLAB BUTILKAGA UTIRGIZISHMOQCHI BIZ QIRIB TASHLAYMMIZ KUMVORISH KERAKMIDI” sarlavhali bilan videomurojaat joylandi. Mazkur videomurojaatda aks etgan holatlar yuzasidan Andijon viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Maʼlum bo‘lishicha, 2021-yil 27-aprel kuni soat taxminan 16:00 larda Baliqchi tumani, O‘rmonbek MFY hududida fuqaro M.I o‘zi avval ishlagan paxta qabul qilish maskaniga borib kirmoqchi bo‘lganida o‘sha yerda qorovul bo‘lib ishlab kelayotgan A.G uni kirgizmaganligi sababli o‘zaro gap tortishishgan. Buning oqibatida M.I fuqaro A.G.ga chetroqqa o‘tib orani ochiq qilib olishlarini aytib, G‘.A boshqaruvidagi “Kobalt” avtomashinasida Ulug‘nor tumanidagi qum qazib olish joyiga kelishadi va bu joyda M.I fuqaro A.G.ni yuz qismiga qo‘li bilan bir marotaba urib unga yengil tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan 2021-yil 11-may kuni kuni Baliqchi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan M.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha A.G guvoh tariqasida so‘roq qilinib, jabrlanuvchi va fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etilgan.
Tergov harakatlari davomida, A.G.ni 2021-yil 27-aprel kuni Baliqchi tumandagi “O‘rmonbek paxta qabul qilish maskan” dagi ish joyidan uni majburlab olib chiqib ketilgan holatini biror-bir shaxs ko‘rmaganligi, qo‘l telefoni M.I tomonidan olib qo‘yilganlik holati yuzasidan uyali aloqa kompaniyalaridan olingan javob xatlariga ko‘ra jabrlanuvchi A.G 25-28 aprel kunlari aynan o‘zi ishlatib yurgan uyali aloqa vositasidan muntazam foydalanganligi, shuningdek, jabrlanuvchi A.G bilan M.I o‘rtalarida yuzlashtirish o‘tkazishlik uchun A.G tergov bo‘linmasiga chaqirtirilganida yuzlashishdan bosh tortganligi, “O‘rmonbek paxta qabul qilish maskan” ko‘zdan kechirilganida kuzatuv kameralari mavjud emasligi bilan A.Gapurov shikoyatida keltirilgan vajlari o‘z tasdig‘ini topmagan.
2021-yil 10-iyun kuni M.I.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan ayblov eʼlon qilinib, “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
2021-yil 1-iyul kuni jinoyat ishi bo‘yicha ayblov dalolatnomasi tuzilib, JPKning 388-moddasi tartibida sud muhokamasiga yuborilgan.
Ushbu jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, M.I JKning 109-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilgan va 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati