6 Fevral 2023 yil 413

Ekspert-kriminalist xodimi barmoq izidan jinoyatchini fosh etdi

2023-yil 5-yanvar kuni Paxtaobod tumanida yashovchi fuqaro T.Z IIBga xabar berib, yashash uyiga nomaʼlum shaxslar devor oshish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonasida bo‘lgan 26.000.000 so‘m va 1.600 AQSH dollari miqdoridagi pullarini  o‘g‘irlab ketganligini maʼlum qilgan.

Ushbu o‘g‘irlik holati yuzasidan Paxtaobod tumani IIB katta ekspert-kriminalisti tomonidan hodisa joyini ko‘zdan kechirish mobaynida qo‘l barmoq izlari olinib, viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazining avtomatlashtirilgan daktiloskopik taqqoslash tizimi bazasidan tekshirilganida, ushbu qo‘l barmoq izlari Paxtaobod tumanida yashovchi Q.O. ismli shaxs tomonidan qoldirilganligi aniqlangan.

Paxtaobod tumani IIB xodimlari tomonidan gumondor Q.O ismli shaxs ushlanib, ashyoviy dalillar bayonnoma orqali olingan. Jinoyatchiga nisbatan Paxtaobod tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bilan ayb eʼlon qilinib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.   

Bundan tashqari, Q.O ismli gumondor shaxs bilan tergov-tezkor surishtiruv davrida u muqaddam 2023-yil 4-yanvar kuni Paxtaobod tumanida yashovchi I.N.ning yashash xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda devor oshish yo‘li bilan kirgan vaqtda, xonadon egalari sezib qolganligi natijasida jinoiy faoliyatini oxiriga yetkaza olmay, mazkur xonadondan chiqib nomaʼlum tomonga qochib yashiringanligini, shu yilning 5-yanvar kuni Paxtaobod tumanida yashovchi fuqaro Q.S.ning yashash xonadoniga devor oshish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, ushbu xonadondan 50.000 so‘m miqdoridagi pullarni talon-taroj qilganligini maʼlum qilgan.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

        

Text to speech