“Yoshlar oyligi” doirasida Andijon viloyati IIB boshlig‘i yosh xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Sanjar Djabarov “Yoshlar oyligi” munosabati bilan ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlar hamda IIV Andijon akademik litsey o‘quvchilari bilan uchrashib, ular bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Shuningdek yoshlarning taklif hamda mulohazalarini tingladi. Bugun yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik bois ertamiz umidlari ilm-fan, madaniyat, sport sohasida mamlakatimiz dovrug‘ini yuqoriga ko‘tarish maqsadida astoydil harakat qilishmoqda. Bu borada ularga har jabhada yelkadosh rahbarlar borligini alohida ta’kidlash lozim.
Muloqot avvalida so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘i ayni kunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ichki ishlar organlarida qator islohot va tashabbuslar ilgari surilayotgani, o‘z navbatida, sohada kasbiga fidoyi va sadoqatli, yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarib, yuksak natijalarga erishgan ko‘plab yosh xodimlar borligini ta’kidlab, ular bilan faxrlanishini bildirdi.
Tashkil etilgan uchrashuv yoshlar tomonidan bildirilgan yangi tashabbus va takliflar bilan yanada qizg‘in o‘tdi. Ayniqsa, yoshlar tomonidan yo‘llangan savollarga boshqarma boshlig‘i tomonidan alohida e’tibor qaratildi.
Takidlash o‘rinliki, ayni kunda viloyat ichki ishlar orshganlarida xizmat qilayotgan xodimlarning 25 foizini aynan yoshlar tashkil etadi hamda ular har jabhada faol va tashabbuskor.
Ayniqsa sport sohasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar yil sayin oshib bormoqda.
Yosh xodimlar orasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va iste’dodlarni kashf etishga qaratilgan “Eng faol yoshlar yetakchisi”, “To‘maris izdoshlari», “Zakovat”, “Yosh kitobxon”, “Ajdodlar izidan”, “Harbiy estafeta” kabi turli tanlov va musobaqalar o‘tkazib kelinishi esa ulardagi yangi iste’dod va qobiliyatlarni kashf qilishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uchrashuv davomida ana shunday fidoiy va yuqori natijalarga erishgan yosh xodimlar boshqarma boshlig‘ining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tadbir yakunida yoshlarga xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish oliy burch ekanligi, berilgan vazifalarni mas’uliyat va sharaf bilan ado etish har birimizning insoniylik burchimiz ekani ta’kidlandi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati