22 Avgust 2023 yil 8430

“Eng yaxshi ekspert-kriminalist” ko‘rik-tanlovining Andijon viloyati bosqichi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika bo‘linmalari xodimlarining ilmiy salohiyatini oshirib borish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda sohada yuqori natijalarga erishgan xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida Andijon viloyati ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika tizimida xizmat qilayotgan xodimlar o‘rtasida “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Uchta shart bo‘yicha o‘zaro bellashgan xodimlar dastlab sohaga doir savollarga javob berish orqali o‘z bilimlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazdilar. Qurollarni to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish sharti orqali esa jangovar shayliklarini namoyish etdilar.  So‘ngi bosqichda barcha ishtirokchilar bilan yakka tartibda suhbat tashkil etildi.

Ko‘rik tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra 1-o‘rinni Andijon viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi bosh eksperti, mayor Xuzurbek To‘rayev, 2-o‘rinni viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazi Kriminalistik ekspertiza guruhi bosh eksperti, kapitan Abbosbek Shermuhammedov, 3-o‘rinni esa viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazi Biometrik identifikatsiya qilish guruhi katta eksperti, katta leytenant Mirjalol Madaminov egalladi.

Hududiy saralash bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan xodimlar Respublikada bo‘lib o‘tadigan ko‘rik tanlovda ishtirok etadilar.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech