21 Sentyabr 2021 yil 578

"Eng yaxshi profilaktika inspektori” hamda “Eng yaxshi tezkor xodim” ko‘rik tanlovining Andijon viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 avgust kungi “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 18 sentyabr kuni “Eng yaxshi profilaktika inspektori” hamda “Eng yaxshi tezkor xodim” ko‘rik tanlovlarining Andijon viloyati bosqichi o‘tkazildi.

Ko‘rik tanlov bir qator shartlar asosida bo‘lib o‘tdi. Dastlab xodimlar jismoniy tayyorgarlik bahslarida to‘sinda tortilish hamda 100 metrga yugurish bo‘yicha sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, so‘ngra jangovar tayyorgarlik bahslarida Makarov pistoletini to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish hamda 50 metr masofadan o‘q otish bo‘yicha bahslashdilar. Shundan so‘ng, ishtirokchilarning bilim hamda individual psixologik xususiyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan test sinovlari olindi. Bahslar so‘ngida, ko‘rik tanlovning viloyat komissiya tomonidan har bir ishtirokchi bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Qizg‘in va murosasiz o‘tgan ko‘rik tanlov yakunlariga ko‘ra “Eng yaxshi profilaktika inspektori” yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rin Marhamat tumani IIB HPB profilaktika katta inspektori kapitan R.M.Zikiryayevga, 2-o‘rin Buloqboshi tumani IIB HPB profilaktika inspektori katta leytenant M.A.Axmadjonovga hamda  faxrli 1-o‘rin Jalaquduq tumani IIB HPB profilaktika inspektori leytenant B.M.Turg‘unovga nasib etdi.

“Eng yaxshi tezkor vakil” yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan bahslar yakuniga ko‘ra, 3-o‘rinni Buloqboshi tuman IIB JQB tezkor vakili leytenant Yo.Z.Abdumalikov, 2-o‘rinni Xonobod shahar IIB TvaEKQG katta tezkor vakili mayor X.X.Usmonov va musobaqa g‘olibligini  Andijon tumani IIB JQB tezkor vakili leytenant S.A.Dadaxonov  egalladi.

Musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan ishtirokchilar kelgusida respublika miqyosida o‘tkaziladigan final bosqichida Andijon viloyati sharafini himoya qiladi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech