21 May 2020 yil 980

“Facebook” ijtimoiy tarmogʼi orqali 2020 yilning 21 may kuni joylangan videolavha boʼyicha rasmiy munosabat

 

Joriy yilning 21 may kuni soat 09:10 larda “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida “Obida Rasulova” nomi bilan ochilgan profil orqali joylangan videolavhada aks etgan holatlar Andijon viloyati IIB tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi.

Ushbu videolavhada, shaxsiga oydinlik kiritilgan 1946 yilda tug‘ilgan Rasulova Obidaxon Maxmudovna va uning o‘g‘li 1983 yilda tug‘ilgan Rasulov Bahodirjon Qodirjonovichlar Andijon shahri, Bobur shox ko‘chasida joylashgan “Digital city” binosi yonida fuqarolarga hurmatsizlik qilib, go‘yoki farzandi T.Rasulovga nisbatan chiqarilgan sudning hukmi noto‘g‘ri ekanligini ma'lum qilib, mutasaddi rahbarlarning noqonuniy ish olib borayotganligini, ularning savollariga javob berishmayotganligini, shuning uchun binoning ichiga kirishni aytib, janjal ko‘targanlar.

Ushbu holat bo‘yicha ma'lumot uchun quyidagilar ma'lum qilinadiki, O.Rasulovaning o‘g‘li, Andijon viloyati Ulug‘nor tumani “Bobur” MFY, Mo‘jaz ko‘chasi 18-uyda yashagan, 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro Rasulov Toxirjon Qodirovich, 2018 yilning 6 yanvar' kuni boshqaruvidagi “DAMAS” rusumli davlat belgisi 60 S 132 LA bo‘lgan avtomashinasini Andijon tumani, Chem mahallasi hududida boshqarib borayotib, yo‘lning qatnov qismi o‘rtasidan o‘tgan ikki sidirg‘ali yotiq chiziq ustida to‘xtab turgan 1956 yilda tug‘ilgan fuqaro Sotqinoy Sulaymonovani urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida T.Rasulovning aybi barcha dalillar va guvohlarning ko‘rgazmalari bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topgan. 2018 yilning 2 aprel' kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudi tomonidan jinoyat ishi doirasida to‘plangan dalillar, guvohlarning ko‘rgazmalari va ekspertiza xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismida (odam o‘limi bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 4 yil muddatga ozodlikdan hamda 2 yil muddatga muayyan huquqdan, ya'ni transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Biroq, fuqaro T. Rasulov sudning ushbu hukmidan norozi bo‘lib, apellyasiya shikoyati bilan murojaat qilgan va uning ushbu shikoyati jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudining apellyasiya instansiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda atroflicha ko‘rib chiqilib, apellyasiya instansiyasining 2018 yil 1 may kungi ajrimiga asosan birinchi instansiya sudining hukmi o‘z kuchida qoldirilgan.

T.Rasulov ushbu natijadan qanoatlanmasdan, sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish uchun, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat qilgan va 2018 yilning 13 avgust kuni ushbu jinoiy ish bo‘yicha Oliy sudning qarori qabul qilinib, birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan va ijroga qaratilgan.

2019 yilning 16 aprel' kuni jinoyat ishlari bo‘yicha  Yuqorichirchiq tuman sudi tomonidan insonparvarlik tamoyillariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 74-moddasi “a” bandi tatbiq etilib, mahkum T.Rasulov ozodlikka chiqarilgan va unga 2 yil 11 oy 16 kun muddat har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga o‘tkazib borish sharti bilan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. 

Sudning qaroridan kelib chiqib, fuqaro T.Rasulov jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinib, keyingi belgilangan jazoni o‘tash uchun 2019 yil 24 mayda Ulug‘nor tuman IIB Probasiya guruhi hisobiga olingan.

Ammo, T.Rasulov belgilangan jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab, o‘zining keksa yoshdagi onasi O.Rasulova va ukasi B.Rasulovlar bilan birga qonunlarni hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini ochiqdan-ochiq mensimasdan, sud tomonidan tayinlangan jazoni bir kun ham o‘tamasdan, mutlaqo asossiz bo‘lgan turli vajlarni ko‘rsatib, o‘zini oqlashni so‘rab bir qator davlat idoralariga jazoni o‘tamasligini bayon qilgan hamda shikoyat va arizalari bilan murojaat qilib, huquq-tartibot organlaridan yashiringan. Cheklovlarni umuman bajarmagan.

Ulug‘nor tumani Probasiya guruhining taqdimnomasiga asosan
2020 yilning 20 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Ulug‘nor tumani sudi tomonidan qanoatlantirilib, fuqaro T.Rasulovga nisbatan qidiruv e'lon qilish aniqlangan joyida ushlanib, qamoqqa olish hamda o‘talmay qolgan 2 yil 11 oy 16 kun ahloq tuzatish ishlarini ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Olib borilgan qidiruv tadbirlari davomida, 2020 yilning 15 aprel' kuni qidiruvdagi fuqaro T.Rasulov, Andijon shahar 3-kichik daha hududida ushlanib, Andijon viloyati IIB 3-sonli Tergov hibsxonasiga joylashtirilgan va jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tamoqda. 

E'lon qilingan videorolikda fuqaro O.Rasulova va uning farzandi B.Rasulovlar huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari ularning savollariga javob bermayotganliklarini ma'lum qilgan.Aslida, ushbu fuqarolar Andijon viloyati IIBning rahbarlari va o‘zlari talab qilgan xodimlarining qabuliga kirgan hamda ularga to‘liq huquqiy tushuntirish berilgan. 

Jumladan, joriy yilning 3 mart kuni boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.B. Djabbarov, 15 aprel' kuni boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari M.S. Nishanovlar tomonidan qabul qilinib, barcha savollariga atroflicha va to‘liq tushuntirish berilgan.

Ammo, ushbu fuqarolar o‘zlariga berilayotgan tushuntirish va huquqiy ma'lumotlarni eshitishni ham hohlamasdan, o‘zlari ishtirokidagi yolg‘on ma'lumotlardan iborat bo‘lgan videolavhalarni ijtimoiy tarmoqlarga joylash bilan mashg‘ul bo‘lib kelmoqda. 

2020 yilning 21 may kuni soat 09:10 larda “Facebook”  ijtimoiy tarmog‘ida “Obida Rasulova” nomi bilan ochilgan profil orqali joylangan videolavha ham shular jumlasidandir. Shunday bo‘lsada, Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi O.Rasulova va uning farzandi B.Rasulovlarni qonunlarga amal qilishga, boshqa fuqarolarning huquq va erkinliklarini hurmat qilishga va huquqbuzarlik sodir etmaslikka chaqirib qoladi. 

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

    

Text to speech