Firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmang
Afsuski bugungi kunda fuqarolarimiz orasida birovni aldash, ishontirish orqali uning mol-mulkini qo‘lga kiritayotgan, ishonuvchan va sodda odamlarimizni bir zumda aldab, ularning jabrlanib qolishlariga sababchi bo‘layotgan firibgar kimsalar safi kengaymoqda. Albatta, sodir etilgan har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik, jinoyat uchun jazo muqarrar. Ammo aksariyat hollarda firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolishda ko‘plab fuqarolarimizning o‘zlari sharoit yaratib berayotganliklari, yetti yot begona kishiga bir zumda ishonib, bor-bisotini qo‘sh-qo‘llab topshirishlari ularga huquqiy bilimning yetishmasligidan darak beradi.
2021 yil 27 sentyabr kuni soat 13:00larda Izboskan tumanida yashovchi fuqaro M.M Andijon shahri, Gumbaz MFY hududida voyaga yetmagan A.A.ning ishonchiga kirib, agar uning plastik kartasiga pul tushirib bersa, naqd pul berishini aytgan hamda plastik kartaga 2.005.000 so‘m miqdordagi pullarni aldab tushirib olgan. Shundan so‘ng fuqaro M.M tanishidan pul olib berishini aytib, voqea joyidan qochib yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar! Fribgarlardan ogoh bo‘ling!
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati