Hodisa joyini ko‘zdan kechirish mobaynida olingan qo‘l barmoq izlari orqali jinoyat sodir etgan shaxs aniqlandi
2023-yilning 15-may kuni Andijon shahrida yashovchi fuqaro b.R, Andijon viloyati IIBning “102” raqamiga xabar berib, o‘zining yashash xonadoniga nomaʼlum shaxslar g‘ayriqonuniy ravishda kirib, 20.000.000 so‘m pullarini o‘g‘irlab ketganligini maʼlum qilgan.
Ushbu o‘g‘irlik holati yuzasidan Andijon shahri bo‘yicha IIO FMB katta ekspert-kriminalisti tomonidan hodisa joyini ko‘zdan kechirish mobaynida qo‘l barmoq izlari aniqlanib olingan.
Olingan qo‘l barmoq izlari Andijon viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazining avtomatlashtirilgan daktiloskopik taqqoslash tizimi baʼzasidan tekshirilganida, ushbu qo‘l barmoq izlari Jalaquduq tumanida yashovchi M.d tomonidan qoldirilganligi aniqlandi.
Hozirda mazkur o‘g‘irlik jinoyati yuzasidan M.d.ga nisbatan Andijon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati