Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Аlmatov andijonlik yoshlar bilan uchrashdi
Oʼzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Аlmatov Аndijon shahrida yoshlar bilan uchrashdi. Tadbirda ichki ishlar organlarida faoliyat olib borayotgan yosh hodimlar, ichki ishlar vazirligining Аndijon akademik litseyi oʼquvchilari, oliy oʼquv yurtlari talabalari, kasb-hunar kollejlar va akademik litseylarda tahsil olayotgan yigit qizlar, shuningdek, fahriylar ishtirok etdilar. Uchrashuv avvalida, Prezident Shavkat Mirziyoevning yoshlar siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlar, undagi muammo va kamchliklar haqidagi fikrlaridan iborat videorolik namoyish etildi.
Shundan soʼng general-polkovnik soʼzga chiqib, yurtimizda yoshlar taʼlim tarbiyasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va gʼamhoʼrliklar haqida toʼhtaldi. Shuningdek, voyaga yetmaganlar oʼrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, ekstremizm, terrorizm va giyohvandlik kabi illatlar domiga tushib qolmaslik uchun nimalarga eʼtibor qaratish lozimligi haqida yoshlarga oʼz oʼgitlarini berdi. Oʼz tajribasidan kelib chiqib, mavzuga oid hayotiy misollar va ibratli voqealarni keltirdi.
Uchrashuv gʼoyat sermazmun, taassurotlarga boy oʼtdi. Yosh xodimlar ham soʼz olib, yoshlar ushbu uchrashuvdan ulkan maʼnaviy ozuqa olganini kelajakda Zokirjon Аlmatov kabi el-yurtga halol va fidoyilik bilan xizmat qiladigan inson boʼlib yetishishga intilishlarini aytishdi.
Tadbir jarayonida viloyatimizda yoshlar bilan ishlashda alohida faollik koʼrsatgan ichki ishlar organlari hodimlari, profilaktika inspektorlari, ularning yordamchilari hamda fahriylar Oʼzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrugʼiga binoan faxriy yorliq hamda qimmatbaho esdalik sovgʼalari bilan taqdirlandilar.
Tadbir taniqli ijodkor, Oʼzbekiston xalq artisti Yodgor Saʼdievning diltortar qoʼshiqlari bilan davom etdi.
Аndijon viloyati IIB Аxborot xizmati