Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor B.Yu.Mirzaraximov Andijon viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi
2023-yilning 28-mart kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor B.Yu.Mirzaraximov departament tarmoq ichki ishlar organlari tomonidan xizmat hududlarida xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklarni oldini olish va jamoat tartibini saqlash yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasiga tashrif buyurdi.
Dastlab, joriy yil davomida boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, aniqlangan salbiy holatlar muhokamasi yuzasidan kun tartibida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda, Vazir o‘rinbosari dunyodagi geosiyosiy vaziyat, navbatdagi siyosiy tadbir, respublikamiz bosh qomusiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha o‘tkazilishi belgilangan referendumda faol ishtirok etish, sidqidildan daxldorlik hissi bilan xizmatni o‘tash, viloyat ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda xizmatni manzilli tashkil qilish, xodimlarning kundalik nazoratini taʼminlash masalalarida to‘xtalib, boshqarma rahbariyatining axborotlarini tingladi.
Shundan so‘ng infratuzilma obyektlarida, xususan, Andijon vokzalida xodimlarning xizmat jarayoni, qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan keluvchi yuk vagonlarini nazoratini taʼminlash maqsadida Savay–Qorasuv temir yo‘l masofasining 375-kilometrida yangi qurilayotgan “Savay” nazorat ko‘rik punktini ko‘zdan kechirdi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati