Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Andijon tumanida viloyatning 6 ta tuman va shaharlarida yashovchi fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasining 2022 yil 26 sentyabrdagi tegishli topshirig‘i hamda Ichki ishlar Vazirining joriy yilning 3 oktyabr kungi tegishli farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar Vazirining o‘rinbosari, general-mayor A.I.Ikramov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan 11-12 oktyabr kunlari Andijon viloyatida sayyor qabullar o‘tkazilishi belgilangan.
Shunga asosan bugun 11 oktyabr kuni Andijon tumani hokimligida viloyatning Andijon shahar, Asaka, Andijon, Izboskan, Paxtaobod va Oltinko‘l tumanlari fuqarolari uchun ommaviy sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Sayyor qabulda tegishli mutasaddi rahbarlar va tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan 68 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 24 tasi joyida ijobiy hal etildi. qolgan murojaatlar esa tegishli tartibda ro‘yxatga olinib ijro uchun yo‘naltirildi.
Qabul davomida uzoq yillar davomida fuqarolik pasportini olishni orzu qilib kelayotgan 6 nafar shaxslarga Ichki ishlar Vazirining o‘rinbosari general-mayor A.I.Ikramov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalari tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari 4 nafar voyaga yetgan o‘g‘il-qizlarga birinchi marotaba fuqarolikni tasdiqlovchi ID kartalari berildi.
Qabul davomida Andijon shahri, Andijon va Izboskan tumani IIBlarining probatsiya nazoratida turib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 11 nafar shaxs muddatidan avval shartli ravishda ozod qilindi.
Shuningdek, 2 nafar fuqaroning murojaatlarini hal etish maqsadida ularga 2 dona nogironlik aravachalari topshirildi.
Navbatdagi sayyor qabul Xo'jaobod tumanida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati