Idoralararo respublika ishchi guruhi tomonidan Andijon viloyatida o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi topshirig‘iga asosan, Andijon viloyatida bayram taʼtili davrida kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash va aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir etuvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha Idoralararo respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Bugun 5 yanvar kuni IIV o‘rinbosari polkovnik Bekmurod Abdullayev viloyatning Qo‘rg‘ontepa tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab, 24-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabining isitilish holati tekshirildi. Maʼlumot uchun ushbu maktab sig‘imi 210 nafarga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 30 nafar o‘qituvchilar o‘quvchilarga taʼlim berib kelmoqda. Ushbu taʼlim muassasasida 10 kun muddatda “Yo‘l harakati xavfsizligi xonasi”ni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tumanning “Qizil-to‘qay” mahallasi fuqarolari, yoshi ulug‘ oqsoqol va mahalla faollari bilan suhbat o‘tkazildi.
Ushbu mahallaning Qo‘rg‘oncha ko‘chasida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro Z.Boyimbetova xonadoniga tashrif buyurilib, yashash sharoiti bilan yaqindan tanishib chiqildi. Uyni taʼmirlash bo‘yicha muammoni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha 3-sektor rahbariga topshiriq berildi.
Fuqaro Z.Boyimbetova ko‘rsatilgan bu kabi eʼtibordan quvonchga to‘lib, avvalo, Prezidentimizga,ishchi guruh rahbariga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.
Qorasuv shahar tibbiyot birlashmasi binosining issiqlik darajasi va u yerda yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi. Tibbiyot birlashmasi 3 qavatli, 4 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, 39 600 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatadi. Bino isitish tizimi 5 ta kotyol orqali amalga oshiriladi. Tug‘uruq bo‘limi binosining isitish bilan bog‘liq muammolar o‘rganilib, shu joyning o‘zida hal qilish choralari ko‘rildi.
Xususan, bo‘limga yangi zamonaviy konditsioneri o‘rnatilib, bino harorati 27 gradus ko‘ratilishiga erishildi.
Ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar davom etmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati