Idoralararo respublika ishchi guruhining topshirig‘iga asosan Andijon viloyati IIB JXX YHXB tomonidan yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi transport tashkilotlari faoliyati o‘rganilmoqda
Avval xabar qilinganidek, Idoralararo respublika ishchi guruhi Andijon viloyatida o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Ishchi guruhning topshirig‘iga asosan, Andijon viloyati IIB JXX YHXB tomonidan yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi transport tashkilotlari faoliyati ham o‘rganilib, aholiga xavfsiz va sifatli transport xizmati ko‘rsatish, shuningdek, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning 3 yanvar kuni viloyat IIB JXX YHXB tomonidan Andijon shahrida joylashgan “Alpomish merosi” MCHJda faoliyat yurituvchi avtobus haydovchilari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Unda haydovchilarga harakatlanish vaqtida tezlikni meʼyordan oshirmaslik, yo‘l harakati qoidalariga amal qilgan holda xizmatni tashkil etish, yo‘l haqini sunʼiy oshirmaslik, yo‘lovchilarga xushmuomalada bo‘lish lozimligi alohida taʼkidlandi.
Masʼullar tomonidan qishki mavsumda avtotransport vositalarini qanday jihozlash kerakligi, charchoq oqibatida va spirtli ichimlik taʼsirida rul boshqaruviga o‘tirmaslik, yo‘lovchilar xavfsizligini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rish maqsadga muvofiq ekanligi yetkazildi.
O‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida yo‘lovchi tashish bilan bog‘liq mavjud muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilishi aytildi.
Hozirda bu kabi profilaktik ishlar davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati