IIV Andijon akademik litseyida "Bilimlar kuni"ga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
Bugun yurtimiz bo‘ylab barcha o‘quv dargohlarida birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari o‘tkazildi. Xususan, IIV Andijon akademik litseyida ham o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari A.Raxmanov, ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari hamda akademik litseyga yangi qabul qilingan o‘quvchilarning ota-onalari ishtirok etdilar.
Dastlab, davlatimiz madhiyasi ijro etildi. Shundan so‘ng, bilim dargohiga yangi qabul qilingan o‘quvchilarga omad va zafarlar tilanib, Ularga samarali o‘qish, kelgusida akademik litseyidan IIV akademiyasiga o‘qishga kirishni maqsad qilib olishlari to‘g‘risida ham muhim tavsiyalar berib o‘tildi.
Tadbir davomida Andijon viloyati IIB boshlig‘ining maslahatchisi O.Yuldashev tomonidan o‘quvchi yoshlarga ichki ishlar organlarida ishlash, bu kasbning mashaqqatli va mas’uliyatli ekani to‘g‘risida hayotiy misollar yordamida tushunchalar berildi.
Shundan so‘ng tadbir ochib berildi. Akademik litsey o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan chiqishlar namoyish etildi. Ular tomonidan mustaqillik va vatanni madh etuvchi turli kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Yakunda barcha o‘quvchilar dars xonalariga yo‘l oldilar. Sinf xonalarida esa “Yangi o‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘quv darslari o‘tkazildi. Dars jarayonlarida Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari va mas’ullar ham ishtirok etib barcha o‘quvchilarga omad va zafarlar tiladilar.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati