IIV Andijon akademik litseyida “Birgalikda bellashamiz” mavzusida kitobxonlik bellashuvi o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, kitobga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida IIV Andijon akademik litseyining o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida “Birgalikda bellashamiz” mavzusida kitobxonlik bellashuvi o‘tkazildi.
Tadbirda 1-bosqich 3-guruhning “Yosh kitobxonlar” jamoasi hamda 1-bosqich 4-guruhning “ Kitobsevar yoshlar” jamoalari ishtirok etdilar. Ular ichki ishlar organlari xodimlari o‘qishi uchun tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxatidagi noyabr oyi uchun eʼlon qilingan 5 ta kitoblar yaʼni, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasi” asarlari, Tohir Malikning “Odamiylik mulki” asari, Kaykovusning “Qobusnoma” asari, Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarlari bo‘yicha bellashdilar. Har ikkala jamoa berilgan asarlar bo‘yicha o‘z taassurotlarini ifodalab berdilar. Har bir asarning asosiy mazmuni, ijobiy va salbiy qahramonlari, asardan olgan taassurotlari to‘g‘risida o‘z bilimlarini namoyish etdilar.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati bosh inspektori B.Mirzayeva hamda boshqalar ishtirokchilarning fikrlarini to‘ldirib asarlarning maʼzmun- mohiyatini kengroq ochib berdilar. Xususan, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romani, Tohir Malikning “Odamiylik mulki” asarlari yetarli darajada o‘zlashtirilmaganligi, bundan keyingi kitobxonlik tadbirlarida faolroq bo‘lishlari kerakligi va eng asosiysi kitob ko‘p mutolaa qilgan insonning maʼnaviyati yuksalishi uqtirib o‘tildi.
Tadbir o‘quvchi-yoshlarning badiiy-maʼnaviy barkamolligini oshirishda muhim o‘rin egalladi. Kitob o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqlarini yanada kuchaytirdi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati