IIV ishchi guruhi tomonidan Andijon viloyati IIB JXX Probatsiya boshqarmasi hisobida turgan nazorat ostidagi shaxslarni qayta kasbga o‘qitish va ularni bandligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilmoqda
Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tashrifi munosabati bilan Andijon viloyati IIB JXX Probatsiya boshqarmasi hisobida turgan nazorat ostidagi shaxslarni qayta kasbga o‘qitish va ularni bandligini taʼminlash bo‘yicha "Kasbiy ko‘nikmalar markazi" bilan o‘zaro hamkorlikdagi ishlar o‘rganildi.
Xususan, IIV ishchi guruhidan biriktirilgan vakil podpolkovnik S.Isayev ushbu markazda qayta kasbga tayyorlov kurslarida malakasini oshirayotgan nazorat ostidagi shaxslarning o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, Andijon viloyati Bandlik boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Ishga Marhamat" mehnat yarmarkasi tashkil eilib, unda 100 ga yaqin nazoratdagi shaxslarning ishtiroki taʼminlandi. Yarmarka jarayonida 19 nafar nazoratdagi shaxslarga o‘zlari tanlagan ish o‘rinlari bo‘yicha yo‘llanmalar berildi.
Bundan tashqari, Andijon shahri bo‘yicha IIOFMB JXX Probatsiya bo‘limi hisobida turgan nazoratdagi shaxslar ishtirokida “Sayyor sud” majlisi ham bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirga jalb etilgan nazorat ostidagi shaxslarga jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining sudyalari hamda probatsiya bo‘limi xodimi tomonidan kelgusida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etmaslik, sudlar tomonidan belgilangan taqiq va cheklovlarga qatʼiy amal qilishlari, buning salbiy oqibatlari hamda jazo muqarrarligi bo‘yicha atroflicha tushunchalar berildi.
Sayyor sudda probatsiya hisobida turib, tayinlangan jazodan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan 8 nafar nazoratdagi shaxslar jazolaridan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.
Hozirda mazkur profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati