IIV Kiberxavfsizlik markazi masʼul xodimlari tomonidan Andijon viloyatidagi korxona-tashkilotlarning xodimlari uchun targʻibot tadbirlari oʻtkazildi
Joriy yilning 31-may kuni IIV Kiberxavfsizlik markazi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Andijon viloyati hokimligida viloyat hamda shahar-tumanlardagi korxona-tashkilotlarning rahbarlari, ularning axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga masʼul vakillari uchun “oflayn” va “onlayn” videoselektor shaklidagi targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.
Tadbirda viloyat studiyasidan Andijon viloyatida faoliyat olib boruvchi tashkilotlarning masʼullari, shahar-tuman studiyalaridan esa, ushbu tashkilotlarning quyi boʻlinmalari rahbar va xodimlari jami 500 nafarga yaqin viloyatning barcha masʼullari qatnashdilar.
Tadbir ishtirokchilarga Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlari tomonidan kiberxavfsizlik qoidalariga rioya qilish, hozirgi kunda uchrayotgan kibertahdidlar, Internet tarmogʻidagi huquqbuzarliklar va ulardan himoyalanish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berib oʻtildi.
Shuningdek, korxona va tashkilotlarda uchraydigan kibertahdidlar va zaifliklar, zararli havola va dasturlar, shaxsiy maʼlumotlarni oshkor qilmaslik, xizmat faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlar bilan ishlashda axborot xavfsizligi qoidalariga amal qilish va maʼlumotlar bazalarining zaxira nusxalarini yaratish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Oʻz navbatida, ishtirokchilarga hozirgi kunda avj olib borayotgan onlayn qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, Internet tarmogʻidagi “moliyaviy piramida”lar, ularning qonun bilan taqiqlanganligi hamda jamiyatga zararlari, kiberjinoyatlarning oʻziga xos xususiyatlari, yolgʻon axborotlarni tarqatganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi boʻyicha tushuntirishlar taʼsirchan amaliy misollar yordamida koʻrsatib oʻtildi.
Bundan tashqari, tadbir jarayonida ishtirokchilarga IIV Kiberxavfsizlik markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Kiberyordamchi” tizimi haqida maʼlumot berilib, uning imkoniyatlari, kelgusidagi targʻibot tadbirlarini aynan ushbu tizim orqali amalga oshirish, fuqarolarning ushbu sohadagi “immuniteti”, “kibergigiyena”sini shakllantirish nazarda tutilganligi, Internet tarmogʻidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish birgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi boʻlib qolmasdan, balki, butun jamiyatimizning ishi ekanligi, jamoatchilik vakillar aynan tizim orqali roʻyxatdan oʻtib, oʻzlarining taklif va tavsiyalari asosida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda faol qatnashishlari boʻyicha batafsil tushuntirishlar berilib, ishtirokchilar bilan tizim bilan ishlash boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati