IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Andijon viloyati IIB MvaFRB xodimlari hamda ularning ota-onalari bilan uchrashuv-muloqot o‘tkazdi
Joriy yilning 23-mart kuni Andijon viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasida IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik A.Ya.Mehmonov ishtirokida xodimlar tomonidan fuqarolarni qabul qilishda xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash yuzasidan uchrashuv-muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ushrashuv-muloqotda Andijon viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda uning joylardagi tizimlarida xizmat qilayotgan xodimlar, ularning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.
Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 8 fevraldagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yana-da yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasida ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligi oshirilishi, xodimlar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoya qilinishi to‘g‘risida atroflicha maʼlumotlar yetkazildi. Shuningdek, bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat sharoitlarini yaxshilash, turar joy bilan taʼminlash, farzandlarini oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish hamda tibbiy xizmatdan foydalanishdagi imtiyozlar bilan birga xizmat faoliyatini samarali tashkil etish uchun yaratilayotgan qulayliklar ham tilga olindi.
Shundan so‘ng, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy rioya qilish, fuqarolar bilan muomala madaniyatini yaxshilash, tamagirlik va boshqa salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, xodimlarning huquqiy ongi, bilim saviyalari, kasbiy mahoratlari, dunyoqarashlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar va boshqa masalalar haqida atroflicha so‘z yuritildi. Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda xodimlarning ota-onalari ham o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar berishib, ularga atroflicha javoblar olishdi.
Tadbir so‘ngida xizmat faoliyatida namuna ko‘rsatgan bir guruh xodimlar va ularning ota-onalariga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati