Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi huquq tartibot maskanida ichki ishlar organlari xodimlari va fuqarolar o‘rtasida ziddiyatli holat tasvirlangan videolavhalar tarqalmoqda
Holat o‘rganilganda maʼlum bo‘lishicha, joriy yilning 13-aprel kuni Shahrixon tumani IIB voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor psixolog mayor S.Kamolitdinov “Eshonqishloq” mahallasida xizmat olib borayotgan vaqtida, mazkur mahalla hududidan 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.Sh. boshqaruvidagi “Labo” rusumli avtomashina yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, ikki nafar 2006 va 2007 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bolalarni transportning yukxonasida olib ketayotganligini ko‘rib, to‘xtatgan.
Avtomashina haydovchisi bolalar yukxonadan tushib qolishi bilan voqea joyidan yashiringan.
Shundan so‘ng holatni rasmiylashtirish maqsadida mayor S.Kamolitdinov va hudud profilaktika inspektori kapitan D.Qosimov “Quruqsoy” mahallasida joylashgan 25-sonli Huquq tartibot maskaniga kelib, voyaga yetmagan bolalar bilan suhbatlashayotganlarida, u yerga “Labo” avtomashina haydovchisi Sh.Sh., uning akasi 1992 yilda tug‘ilgan B.Sh. va tanishi 1992 yilda tug‘ilgan J.B.lar kelib, avtomashinaga nisbatan maʼmuriy jarima qo‘llamaslikni, avtomashinani jarima maydoniga joylashtirilishi go‘yoki uning tadbirkorlik faoliyatiga ziyon yetkazishini vaj qilib xodimlarning harakatlariga keskin qarshilik ko‘rsatib, xizmat olib borayotgan xodimlarni haqorat qilib, ular bilan janjal uyushtirib, mayor S.Kamolitdinovga tan jarohatlari yetkazishgan.
Natijada, tibbiy xulosaga ko‘ra mayor S.Kamolitdinovga “Bosh yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, chap yelka ichki yuzasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, ko‘karishi, milk yumshoq to‘qimalarini lat yeyishi” tashxisi qo‘yilib, fuqaro B.Sh.da «Bo‘yin old qismida shilinma jarohati” mavjudligi aniqlangan.
“Labo” avtomashina haydovchisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 128-moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Voqea ishtirokchilari Sh.Sh., B.Sh. va J.B.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) hamda Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida Andijon viloyati IIB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati