Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Xonobod shahrida sodir bo‘lgan holat bo‘yicha tarqalgan videoxabar yuzasidan
Aniqlanishicha, joriy yilning 14-may kuni soat 18:20 da fuqaro M.M o‘zining boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashinasida otasi bilan Qorasuv shahar hududida harakatlanib ketayotgan vaqtida ariza muallifi O.A o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “EQUINOX” rusumli avtomobilida ularning harakatlanishiga to‘sqinlik qilib va M.M.ning otasiga noo‘rin xatti-harakat qilishi sababli M.M otasini yashash xonadoniga tashlab, O.A.ning ortidan borib, otasiga nisbatan bo‘lgan hurmatsizlik yuzasidan o‘zaro gap tortishgan va videoxabarda aks etgan holatlarni sodir qilgan.
Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davrida murojaatchi O.A.ning avtomashinasiga 7.016.542 so‘m miqdorda zarar keltirilganligi, biroq ushbu holatda biron-bir shaxsga nisbatan tan jarohatlar yetkazilmaganligi aniqlangan.
Holat bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish harakatlari yakuniga ko‘ra, M.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 41-moddasi (Haqorat qilish), 61-2-moddasi 1-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 135-moddasida (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir qilganligi bois, to‘plangan hujjatlar maʼmuriy tartibda chora ko‘rish masalasini hal etish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudiga yuborilgan.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati