18 Iyun 2022 yil 419

“Inson huquqlari sohasida kadrlar tayyorlash, taʼlim va tarbiya sifatini oshirish” mavzusida jamoatchilik muloqoti bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 16 iyun kuni Andijon shahrida “Inson huquqlari sohasida kadrlar tayyorlash, taʼlim va tarbiya sifatini oshirish” mavzusida jamoatchilik muloqoti bo‘lib o‘tdi. “Yuksalish” umummilliy harakatining Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan viloyat hokimligi ko‘magi ostida o‘tkazilgan tadbirda mahalliy boshqaruv organlari vakillari hamda IIB boshqarmalari rahbariyati, oliy taʼlim muassasalarining yuridik va falsafa fanlari doktorlari, ilmiy tadqiqotchilar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Jamoatchilik muloqoti respublikamiz bo‘ylab davom etayotgan Faol fuqarolar haftaligi doirasida tashkil etildi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan.

Jamoatchilik muloqotida taʼkidlanishicha, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish – fuqarolar huquqlarini taʼminlash va himoya qilishning muhim shartlaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, milliy huquqiy tizimni tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish va malakali yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha boshlangan amaliy ishlarni davom ettirish muhim.

Muloqot ishtirokchilari, shuningdek, taʼlim sifatini oshirish bo‘yicha ham fikr almashdi. Shuningdek, mamlakatimizda 11 yillik maktab taʼlimi tizimi qayta tiklangani, bugungi kunda davlat, nodavlat va xorijiy oliy o‘quv yurtlarining soni ortib borayotgani va bu boradagi amaliy ishlar natijalari ko‘rib chiqildi.

Faol fuqarolar haftaligi doirasidagi bu kabi tadbirlar NNTlar, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va idoralar, mahalliy boshqaruv organlari, ekspertlar, faol fuqarolar, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun konstruktiv muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech