Qirg‘iziston Respublikasi Osh oblasti IIB boshlig‘i o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya Andijon viloyati IIBga amaliy tashrif buyurdi
2021 yilning 27 mart kuni Andijon viloyatiga Qirg‘iziston Respublikasi Osh oblasti IIB boshlig‘i o‘rinbosari, militsiya polkovnigi Shadmanov Taʼlantbek, YHXB boshlig‘i militsiya polkovnigi Zikirov Ayjigit hamda Osh oblasti IIB matbuot kotibi militsiya polkovnigi Ashirbayev Jenizbeklar amaliy tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida Qirg‘iziston Respublikasi vakillari Andijon viloyati IIBning Navbatchilik xizmatini tashkil etish bo‘limi, “102” tizimi, fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish bo‘limi, “Shon-sharaf” muzeyi, Andijon shahri bo‘yicha IIOFMBning 6-son ichki ishlar bo‘linmasi hamda Andijon viloyati IIB YHXB faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Osh oblasti IIB hamda Andijon viloyati IIB o‘rtasida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora tadbirlar bo‘yicha kelishib olindi.
Unga ko‘ra, hamkorlikda regionlararo aloqasi mavjud uyushgan guruhlar tomonidan sodir etilayotgan giyohvandlik vositalarini kontrabandasi bilan bog‘liq jinoyatlarni hamkorlikda aniqlash, ikki davlat bilan chegaradosh bo‘lgan hududlarda topilgan shaxsi nomaʼlum murdalarni Qirg‘iziston hududidagi suv havzalari orqali oqib o‘tgan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan kelgusida ularning shaxsiga aniqlik kiritish, shuningdek, bedarak yo‘qolgan shaxslarni hamkorlikda qidirib topish, shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatlarga qarshi kurashish, muqaddam jinoyat sodir etib, qidiruvda bo‘lgan shaxslarni ushlash hamda jinoyatlarni oldini olish va unga qarshi kurash borasida muntazam ravishda tezkor axborot almashunuvlarini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator kelishuvlarga erishildi.
Tashrif so‘ngida qo‘shni davlat vakillariga bir dona mobil post hamda bir dona “ISUZU” rusumli avtobus sovg‘a qilindi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati