Izboskan tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan uchrashuv o‘tkazildi
Bugungi kunda yoshlar o‘rtasidagi turli jinoyatlarni oldini olish va jinoyatlarga qarshi sog‘lom immunitet hosil qilish talab va majburiyatning eng yuqorisida turuvchi vazifa hisoblanadi. Qolaversa, ushbu jarayonda huquqiy savodxonlikni oshirish, yoshlar masalalari bilan ishlovchi va shu yo‘nalishga bevosita bog‘liq bo‘lgan har qaysi rahbar va masʼul xodimlarning ish sifatini oshirish esa, yuqorida aytib o‘tilgan jarayonni to‘g‘ri tashkil etishda omil bo‘ladi.
Ayniqsa, mahallalarda yoshlar bilan ishlovchi Yoshlar yetakchilarining faoliyatini samarali tashkil etishlari, ularning muammolarini yechishda tashabbuskor bo‘lishlari, murojaatlarni vaqtida bartaraf etishlari jinoyatchilik holatini sezilarli darajada kamayishiga, hattoki yo‘q bo‘lishiga o‘z taʼsirini o‘tkazadi.
Shu jihatdan tuman miqyosida yoshlar yetakchilari ishtirokida, tumandagi o‘spirin yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan o‘g‘irlik, talonchilik, bosqinchilik, qasddan tan jarohati yetkazish, noqonuniy kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarni isteʼmol qilish va savdosi bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘ymaslik hamda shu kabi jinoyatlarni oldini olish borasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirni Izboskan tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi boshlig‘i kapitan A.X.Turg‘unov olib bordi. Uchrashuv davomida yoshlar yetakchilariga faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha jarayonlar sinchiklab tushuntirildi va yoshlar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni oldini olishga ko‘maklashuvchi tizimlar to‘g‘risida to‘liq maʼlumotlar taqdim etildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati