Ijtimoiy tarmoqlarda “Izboskandagi bodikamerasi ishlamayotgan GAI inspektori” nomi ostida tarqalgan videotasvir yuzasidan
2021 yilning 19 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Izboskandagi "bodi kamera"si ishlamayotgan "GAI" inspektori” sarlavhasi bilan videotasvir tarqaldi. Ushbu videotasvirda aks etgan holatlar bo‘yicha Andijon viloyati IIB YHXB masʼul xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi.
Maʼlum bo‘lishicha, Andijon viloyati IIB YHXB rahbariyati tomonidan tasdiqlangan, 2021 yil 17 mart kungi taqsimotga asosan, viloyat IIB YHXB YPX batalyoni 2-safarbar guruhi YPX inspektori S.A.Turg‘unov Izboskan tumani hududida xizmat olib borishi belgilab qo‘yilgan.
YPX inspektori S.A.Turg‘unov 17.03.2021 yil soat 16:00larda Izboskan tumani Quygan-yor MFY, Madaniyat yo‘li ko‘chasida harakatlanib kelayotgan “Neksiya-3” rusumi avtomashinaning hujjatlarini tekshirish uchun to‘xtatib, haydovchi bilan muloqotga kirishgan va uning talablariga asosan xizmat guvohnomasi hamda ushbu hududda xizmat o‘tash uchun berilgan dislokatsiyani haydovchiga tanishib chiqishlik uchun taqdim etgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 01.12.2018 yildagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 18-bandi 3-xat boshida “harakat qatnashchilari xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik” to‘g‘risida bayon etilgan.
Holat yuzasidan YPX inspektori safdor S.Turg‘unovning 17.03.2021 yildagi bodikamerasiga qayd etilgan videotasvirlar o‘rganilganida, xodim bodikamerasini soat 06:57larda qabul qilib olganligi, oradan 9 soat vaqt o‘tganidan so‘ng soat 15:20ga qadar ishchi holatda bo‘lganligi, so‘ng bodikameraning batareya quvvati tugab o‘chib qolganligi aniqlandi.
IIVning meʼyoriy buyrug‘i talablariga ko‘ra, bodikameraning ishchi holatini taʼminlashlik YPX inspektori S.A.Turg‘unovning zimmasiga yuklatilgan. Xodim bodikameraning batareya quvvati tugab o‘chib qolganligiga eʼtibor qaratmasdan haydovchi bilan muloqatga kirishgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati IIB YHXBning masʼul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati