Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “Andijon-Shahrixon yo‘lida dahshatli avariya...” nomli videoxabar bo‘yicha rasmiy ma'lumot
2020 yil 09 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarga “Andijon-Shahrixon yo‘lida dahshatli avariya...” nomli videoxabar joylandi. Ushbu videoxabarda 5 taga yaqin avtomobil' avariyaga uchragani va yerda odamlar yotganligi to‘g‘risida aytib o‘tilgan. Mazkur holatga Andijon viloyati IIB YHXB mas'ul xodimlari tomonidan oydinlik kiritildi.
Aniqlanishicha, ushbu holat 2020 yil 09 noyabr' kuni soat 15:30larda Oltinko‘l tumani, Qo‘shtepa MFY hududidan o‘tgan xalqaro ahamiyatdagi A-373-“Toshkent-O‘sh” avtomobil' yo‘lining 425 kilometr qismida sodir bo‘lgan. Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro I.Sh boshqaruvidagi “Isuzi” rusumli yuk avtomashinasi o‘zi bilan bir yo‘nalishda oldinda chap tomonga burilmoqchi bo‘lib turgan Oltinko‘l tumanida yashovchi fuqaro Z.Q boshqaruvidagi “Labo” rusumli avtomobili bilan to‘qnashib ketgan.
Ushbu to‘qnashuv oqibatida “Labo” avtomashinasi qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketib, Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro R.M boshqaruvidagi “Neksiya”, Asaka tumanida yashovchi T.F boshqaruvidagi “Damas” hamda Bo‘ston tumanida yashovchi M.Sh boshqaruvidagi “Neksiya” avtomashinalari bilan yo‘l transporti hodisasini sodir etgan.
Yo‘l transporti hodisasi oqibatida “Labo” avtomashina yo‘lovchisi Andijon shahrida yashovchi Q.J tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Oltinko‘l tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati