Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probasiya xizmati boshlig‘i polkovnik M.Ismoilov boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan Andijon viloyatida ichki ishlar organlari probasiya bo‘linmalari faoliyati o‘rganilib, ularga amaliy-uslubiy yordamlar ko‘rsatildi
O‘zbekiston Respublikasi IIV rahbariyati tomonidan tasdiqlangan reja-topshiriqqa asosan, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probasiya xizmati boshlig‘i polkovnik M.Ismoilov boshchiligidagi ishchi guruhi joriy yilning 22 iyun kunidan 02 iyul kuniga qadar ichki ishlar organlari probasiya bo‘linmalari faoliyatini o‘rganish va amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida Andijon viloyatida ish olib bordi.
Ishchi guruhi tomonidan asosiy e'tibor, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar Vaziri tomonidan joriy yilning 26 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash, probasiya nazorati ostida turgan shaxslarning yashash sharoitini, turmush tarzini, muammo va kamchiliklarini aniqlash, qolaversa, ularni ish bilan bandligini ta'minlash orqali turmush farovonligini oshirish borasidagi tizimli chora-tadbirlar viloyatda nechog‘lik amalga oshirilganligini o‘rganishga qaratildi.
Ishchi guruhi a'zolari viloyatdagi barcha shahar-tuman ichki ishlar organlari probasiya bo‘linmalarida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 noyabrdagi «Jinoyat ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4006-son Qarori talablari ish faoliyatida qay darajada tadbiq etilayotganligi, probasiya bo‘linmalari xodimlari oldiga qo‘yilgan vazifalariga nechog‘lik mas'uliyat bilan yondoshganliklari, shuningdek, viloyat hududida ichki ishlar organlari probasiya bo‘linmalari markazlashgan elektron tizimi hamda axborot-kommunikasiya texnologiyalarining joriy etilganlik holati o‘rganildi.
Shuningdek, probasiya bo‘linmalari nazorati ostida turgan shaxslarning yashash sharoitlari, ularni qiynayotgan muammoalar, yashash manzillari hamda ish joyiga borib o‘rganilishi barobarida, karantin davrida nazoratdagilar tomonidan jazo o‘tash tartib va qoidalariga amal qilinayotganligi ham o‘rganilmoqda. Nazoratdagilar bilan o‘tkazilgan yuzma-yuz ochiq muloqotlar, profilaktik suhbatlar davomida moddiy jihatdan qiynalgan, oilasini moddiy ta'minlashda muammolarga duch kelayotgan shaxslarga ko‘mak berish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Ishchi guruhi tomonidan 2020 yilning 1 iyul kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasida yig‘ilish o‘tkazilib, unda probasiya bo‘linmalari faoliyatini o‘rganish va amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish natijalari muhokama qilinishi bilan birga, probasiya bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, xodimlar tomonidan xizmat mavqeini suiste'mol qilmaslik, ichki ishlar organlari nomiga dog‘ tushiruvchi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probasiya xizmati boshlig‘i polkovnik Mahamadali Ismoilov va Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Azat Tasbaev, shuningdek, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Probasiya bo‘limi rahbariyati hamda shahar-tuman ichki ishlar organlari probasiya guruhlari xodimlari ishtirok etishdi. E'tiborli jihati shundaki, ochiq muloqot tarzida o‘tgan yig‘ilishda viloyat ichki ishlar organlari probasiya bo‘linmalarida xizmat olib borayotgan xodimlarning ota-onalari ham taklif etildi.
Samimiy ruhda o‘tkazilgan muloqotlarda Probasiya xizmati boshlig‘i polkovnik Mahamadali Ismoilov ota-onalarga kuyunib murojaat qilar ekan, farzandini turli nojo‘ya qilmishlardan, egnidagi xizmat kiyimiga dog‘ tushuruvchi hatti-harakatlaridan asrashda, xalq xizmatkori degan yuksak va sharafli nomni oqlashda birdek yelkadosh bo‘lishga chaqirdi. Xalqimizga, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish oliy baxt ekanligini uqtirib o‘tdi.
Shuningdek, Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Azat Tasbaev ham yig‘ilish qatnashchilariga muhokama qilinayotgan masala yuzasidan o‘zining mulohazalarini bildirar ekan, xodimni tarbiyalash va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashda ota-onaning o‘rni beqiyos ekanligini ta'kidladi.
Yig‘ilishda, viloyat ichki ishlar organlari probasiya bo‘linmalarida xizmat qilayotgan, o‘zining sharafli vazifalarini vijdonan bajarayotgan, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, nazorat ostidagi shaxslar bilan olib boriladigan profilaktish ishlarni tizimli yo‘lga qo‘ygan bir qator xodimlar va ularning ota-onalariga Probasiya xizmati boshlig‘i polkovnik Mahamadali Ismoilov hamda Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik A.Tasbaevlarning tashakkurnomalari, shuningdek, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Karantin qoidalariga rioya etgan holda tashkil etilgan ushbu yig‘ilish so‘ngida xodimlarning ota-onalari ham so‘zga chiqib o‘zlarining fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati