29 Fevral 2020 yil 786

Jinoyatchilikni oldini olishda Аndijon “Namunali hudud” kontseptsiyasi boshqa hududlarga tadbiq etiladi

Senat aʼzolari Oʼzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʼgʼrisidagi 2019 yil yakuni boʼyicha axborotini eshitdilar.

Taʼkidlanganidek, 2019 yilda Oʼzbekiston Respublikasi IIV tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi boʼyicha muayyan ish olib borildi. Oʼtgan yilda qabul qilingan choralar natijasida jinoyatlar 3139 taga yoki 10,5 foizga kamayishiga erishilgan. Respublikada mahallalarning 33,7 foizida yoki 3074 tasida birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Voyaga yetmaganlar (830/656) va xotin-qizlar (3378/2705) oʼrtasida jinoyat sodir etish holatlari kamaygan.

Ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʼtkazilgan samarali tadbirlar natijasida giyohvandlik, korruptsiya va iqtisodiy yoʼnalishlarga oid qariyb 4,5 mingta jinoyat aniqlangan. Shu bilan birga, oʼtkazilgan oʼrganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʼliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini koʼrsatdi.

Аholining ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal etishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan, oilalardagi janjallar koʼp hollarda mahalla faollari va profilaktika inspektorlarining eʼtiboridan chetda qolganligi oqibatida oʼta ogʼir jinoyatlar sodir etilishi keng tus olgan. 

Bundan tashqari, 2019 yili 2 sentyabrda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisida”gi Qonun qabul qilingan boʼlishiga qaramasdan, IIVning bu boradagi ishlarni tartibga soluvchi buyrugʼi joriy yil 3 fevralda qabul qilingan. Shu tufayli tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning faqatgina 3 nafariga himoya orderi berilgan. 142 ta qotillikning 70 tasi (49,2%) er-xotinlar oʼrtasida kelib chiqqan nizolar sababli sodir etilgan.

Mazkur jinoyatlarning aksariyatini oʼz vaqtida oldini olish choralari mavjud boʼlgan boʼlsa-da, bunga joylardagi profilaktika inspektorlari, tegishli hokimlar, sektor rahbarlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolarni oʼzini oʼzi boshqarish organlari tomonidan yetarli eʼtibor qaratilmagan.

Ogʼir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari toʼliq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 5032 nafar ayol jinoyat sodir etgan va bu jinoyatlarni sodir etish holatlari Toshkent shahri, Toshkent va Fargʼona viloyatlarida yuqoriligicha qolgan.

Odam savdosi jinoyatlarining soni 2012-2019 yillar davomida olti barobarga kamayishiga (574-94) erishilgan boʼlsa-da, ushbu davrda bolalar savdosi bilan bogʼliq jinoyatlar ortib borayotganligini koʼrsatmoqda.

Shuningdek, yoshlar bilan ishlashda hanuz koʼplab muammolar saqlanmoqda. Oʼtgan yili respublikada qayd etilgan har toʼrtinchi jinoyat (11787 ta) yoshlar tomonidan sodir etilgan.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan Ichki ishlar vazirligi faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar bildirildi. Jumladan, profilaktika inspektorlari va mahalla fuqarolar yigʼinlari oʼrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar yuzasidan kunlik axborot almashinuvini qatʼiy nazoratga olish, shuningdek jinoyat sodir etishga olib keladigan sabablarni monitoring qilish va tahlil qilish ishlarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Respublikaning qator hududlaridagi qator ijobiy tajribalarni, jumladan jinoyatchilikni jilovlash boʼyicha Аndijonning “Namunali hudud” kontseptsiyasini, xotin-qizlar bilan ishlashning Buxoro tajribasini, yoshlar bilan ishlashning Fargʼona tajribasini boshqa hududlarga tatbiq etish zarurligiga urgʼu berildi.

Koʼrib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlisi Senatining Аxborot xizmati

Text to speech