“Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi” doirasida Andijon shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari o‘rtasida qonunchilik va xizmat intizomi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi
So‘nggi yillarda ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish, xodimlar bilan olib borilayotgan profilaktik-tarbiyaviy tadbirlar, ularni ijtimoiy-himoya qilish, oilaviy-maishiy muammolarini o‘rganish va hal etishda olib borilayotgan islohotlar natijasida bir qator amaliy va ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Ammo, shunga qaramay ayrim xodimlar tomonidan zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda befarqlikka yo‘l qo‘yilib, ichki ishlar organlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksining qoida va talablarini qo‘pol ravishda buzayotganliklari ham ayni bor haqiqatdir.
Joriy yilning 12-aprel kuni Ichki ishlar Vaziri o‘rinbosari general-mayor A.I.Ikramov tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yuqorida aytib o‘tilgan salbiy holatlarga alohida urg‘u qaratilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalar belgilab berildi.
Xususan, xodimlar tomonidan sodir etilayotgan korrupsion jinoyatlarga barham berish maqsadida joriy yilning 12-19 aprel kunlari ichki ishlar organlarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi” deb eʼlon qilindi.
Shunga asosan, IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti katta inspektori kapitan Sh.M.To‘xtayev hamda Andijon viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati masʼul xodimlari tomonidan Andijon shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari o‘rtasida korrupsion holatlarni oldini olishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazilib, qonunchilik va xizmat intizomi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Ichki ishlar organlari xodimlariga korrupsion jinoyatlarning achchiq qismati aks ettirilgan videorolik namoyish etilib, bunday achinarli holatlarga tushib qolmaslik bo‘yicha ogohlikka chaqirildilar.
Hozirda bu kabi tushuntirish targ‘ibot ishlari davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati