"Maʼnaviyat oyligi" doirasida IIV Andijon akademik litseyi o‘quvchi qizlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Bugun Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati, ichki ishlar organlarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bosh inspektori, kapitan Barnoxon Mirzayeva hamda xotin qizlar kengashi raisi o‘rinbosari, podpolkovnik Nilufar Mo‘minovalar tomonidan "Maʼnaviyat oyligi" doirasida IIV Andijon akademik litseyida tahsil oluvchi o‘quvchi qizlar bilan "Maʼnaviyatli yoshlar - kelajak poydevori" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbati davomida o‘quvchi qizlarning jamiyatdagi yurish-turish qoidalariga rioya etishlari, ularning vatan ravnaqi uchun yetuk kadrlar bo‘lib yetishishlari to‘g‘risida gapirib o‘tildi, ularni kelajakda vatanga va xalqqa xizmat qilish yo‘lida sidqidildan o‘qish va xizmat qilishi, ichki ishlar xodimi qanday bo‘lishi uchun qanday tayyorgarliklar ko‘rish, uning tartiblari to‘g‘risida ham tushunchalar berib borildi.
Andijon viloyati ishchi ishlar boshqarmasi Tibbiyot bo‘limi shifokori Muhayyo Dadaxadjayeva tomonidan ularning sog‘liklarini asrash, shaxsiy gigiyena qoidalari va sog‘lom turmush tarziga amal qilishlari to‘g‘risida kerakli tavsiyalar berildi.
O‘quvchi qizlar o‘zlariga qiziq bo‘lgan savollar bilan tadbir ishtirokchilariga murojaat qildilar va ulardan kerakli javoblar oldilar. Uchrashuv yakunida qizlar tomonidan vatan, ona hamda ayollarni madh etuvchi sheʼr va qo‘shiqlar ham namoyish etildi.
Shundan so‘ng mehmonlar tomonidan o‘quvchi qizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Litsey o‘quvchilari uchun ajratilgan yotoqxonada mavjud shart-sharoitlar o‘rganilib o‘quvchilar bilan yaqindan suhbat olib borildi. Ushbu yotoqxonada o‘quvchilar uchun kutubxona ham tashkil etilgan bo‘lib, mazkur kutubxona doimiy ish faoliyatini olib bormoqda. Yakunda o‘quvchi qizlarning takliflariga binoan bunday uchrashuvlarni tez-tez tashkil etishga kelishib olindi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati