29 Mart 2023 yil 643

Masjiddagi o‘g‘irlik Ekspert-kriminalistika markazi tomonidan fosh etildi

2023-yil 3-mart kuni Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida yashovchi A.S viloyat IIBning “102” raqamiga telefon orqali xabar qilib, Xo‘jaobod tumanida joylashgan “Jome masjidi”ga kirib ketgan vaqtida o‘ziga tegishli narxi 1.500.000 so‘mga teng bo‘lgan “BIKETRAGON” nomli velosipedi o‘g‘irlab ketilganligini maʼlum qilgan.

Ushbu o‘g‘irlik holati yuzasidan “Jome masjidi” binosiga o‘rnatilgan kuzatuv kameralaridan olingan videotasvir viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazi “Shaxsni identifikatsiya qilish tizimi” orqali tekshirilganida, mazkur jinoyatini sodir etgan fuqaro Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida yashovchi T.F ekanligi aniqlangan.

Bundan tashqari, fuqaro T.F bilan olib borilgan tezkor surishtiruv davrida shu yilning 3-fevral kuni ham Xo‘jaobod tumanida joylashgan “Jome masjidi”dan fuqaro A.I.ga tegishli narxi 1.600.000 so‘m bo‘lgan velosipedni yashirin ravishda talon-toroj qilganligini maʼlum qilgan.

Holat yuzasidan fuqaro T.F tomonidan olib ketilgan ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida bayonnoma orqali olingan.

Hozirda Xo‘jaobod tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan fuqaro T.F.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech