Mustaqillik bayrami arafasida Andijon viloyati ichki ishlar organlari xodimlariga yangi uylar topshirildi
Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizning hamma jabhalari qatori ichki ishlar organlari faoliyatida ham tizimli va manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarimizning ijtimoiy himoyasini yanada yaxshilash hamda ularni uy-joy bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, ichki ishlar organlari tomonidan fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishlari yoʻlida oʻz kuch-gʻayratlarini ayamay xizmat qilishlariga imkon beryapti.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-iyundagi “ichki ishlar organlari xodimlarini turar-joy sharoitlarini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida, bugunga qadar Andijon shahrining “Gʻayrat” koʻchasi, Qoʻshariq va Boʻston dahalarida jami 120 nafar xodimlar uchun koʻp qavatli uylar qurib bitkazilib, ichki ishlar vazirining 2018-yil 5-fevraldagi tegishli buyrugʻiga muvofiq vazirlik hisobidan har bir xodimlarga ipoteka krediti uchun dastlabki badal toʻlovlari toʻlab berildi.
Bu kabi xayrli ishlarning davomi sifatida joriy yilning 24-avgust kuni mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami munosabati bilan xizmat faoliyatida hamkasblariga alohida oʻrnak boʻlib kelayotgan 15 nafar ichki ishlar organlari xodimlariga imtiyozli kredit asosidagi zamonaviy uy-joylar tantanali ravishda topshirildi.
Yangi uy-joylar bilan taʼminlangan xodimlar yaratib berilayotgan bu kabi shart-sharoitlarga, albatta, oʻzlarining halol mehnatlari bilan javob qaytaradilar.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati