Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari boʻyicha aʼzolari Andijon viloyati IIBda Ichki ishlar hamda Milliy gvardiya organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasidagi vakolatlarini kengaytirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini muhokama qildilar
Oliy Majlis qonunchilik palatasining 2022-yil 26-iyuldagi majlisida deputatlar “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilishdi.
Qonun loyihasida ichki ishlar organlarining masʼuliyatini oshirish, ularning xizmat samaradorligini kuchaytirish maqsadida ichki ishlar boʻlimlarining (boshqarmalarining) boshliqlari yoki boshliq oʻrinbosarlariga qoʻshimcha ravishda 8 turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish, profilaktika inspektorlariga qoʻshimcha ravishda 10 turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha bayonnoma rasmiylashtirish, patrul-post xizmati xodimlariga 8 turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha bayonnoma rasmiylashtirish, Milliy gvardiya organlari xodimlariga qoʻshimcha ravishda 13 turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish hamda 4 turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berilishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan boʻlib, ular tomonidan jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini samarali amalga oshirishga hamda huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishga, inson va fuqarolarning shaxsiy xavfsizligini ishonchli kafolatlash hamda hududlardagi kriminogen vaziyatning ijobiy tomonga oʻzgarishiga erishishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari boʻyicha aʼzosi Karimov Toʻlqin Payziyevich, Konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyati toʻgʻrisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari boʻyicha aʼzosi Ashmatov Farhod Burxonjonovichlar tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasida ichki ishlar hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan muhokama qilindi. Muhokamalar davomida ushbu qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining va Milliy gvardiyasining faoliyati samaradorligini oshirishga, ularning jamoat tartibini saqlash hamda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohalaridagi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish borasidagi masʼuliyatini kuchaytirishga qaratilgan ekanligi toʻgʻrisida xulosaga kelindi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati