24 Iyun 2024 yil 1478

“Qonuniylikni taʼminlash va temir intizom oyligi” doirasida Andijon viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi shaxsiy tarkibi, ularning ota-onalari hamda faxriy xodimlar ishtirokida xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi

Ichki ishlar vazirining tegishli Farmoyishi asosida o‘tkazilayotgan “Qonuniylikni taʼminlash va temir intizom oyligi” doirasida Andijon davlat universitetida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Davronov boshchiligida Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi shaxsiy tarkibi, ularning ota-onalari hamda faxriy xodimlar ishtirokida   xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv-muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida, o‘zlari qonun himoyachisi bo‘la turib, korrupsion va boshqa noqonuniy holatlarni sodir etib, ota-onasi va yaqinlarini el-yurt orasida uyatga qo‘ygan ayrim nopok xodimlarning achchiq qismatlari aks etgan taʼsirchan videorolik namoyish etildi.

Bu kabi sharmandalik holatlarni oldini olish uchun eng avvalo ota-onalar,  shuningdek, faxriy xodimlar ham o‘zlarining pand-nasihatlari bilan doimiy ravishda ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib borishlari shartligi, hamma bir yoqadan bosh chiqarib ishlasagina kutilgan natijalarga erishish mumkinligi hayotiy misollar yordamida  taʼkidlab o‘tildi.

Uchrashuv davomida Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi    shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar holati tanqidiy tahlil qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab olindi.

Tadbir so‘ngida, o‘zining namunali intizomi hamda jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar osoyishtaligini ishonchli taʼminlashda boshqa hamkasblariga alohida o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi.

 Albatta o‘tkazilayotgan bu kabi uchrashuvlar xodimlar o‘rtasida turli noxush holatlar sodir etilishini oldini olib, ularni yanada shijoat bilan ishlashga undashi bilan ahamiyatlidir.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech