25 Iyun 2024 yil 1451

“Qonuniylikni taʼminlash va temir intizom oyligi” doirasida Andijon shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi shaxsiy tarkibi, ularning ota-onalari hamda faxriy xodimlar ishtirokida xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi

Joriy yilning 25-iyun kuni “Qonuniylikni taʼminlash va temir intizom oyligi” doirasida viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Davronov raisligida Andijon shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida, ularning ota-onalari hamda faxriy xodimlar ishtirokida  xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida, o‘zining jirkanch nafsi yo‘lida korrupsion va boshqa noqonuniy holatlarni sodir etib, yaqinlarini el-yurt oldida uyatga qo‘ygan ayrim nopok xodimlarning achchiq qismatlari aks etgan taʼsirchan videorolik namoyish etilib, barcha ogohlikka chorlandi.

Bu kabi salbiy holatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamma bir yoqadan bosh chiqarib ishlasagina kutilgan natijalarga erishish mumkinligi hayotiy misollar yordamida taʼkidlab o‘tildi.

Uchrashuv davomida Andijon shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar holati tanqidiy tahlil qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab olindi.

Tadbir so‘ngida, o‘zining namunali intizomi hamda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar osoyishtaligini ishonchli taʼminlashda boshqa hamkasblariga alohida o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, bir guruh xodimlar tantanali ravishda nafaqaga kuzatildi.

 Albatta o‘tkazilayotgan bu kabi uchrashuvlar xodimlar o‘rtasida turli noxush holatlar sodir etilishini  barvaqt oldini olib, ularni yana-da shijoat bilan ishlashlariga xizmat qiladi.  Hozirda bu kabi xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar joylarda davom ettirilmoqda.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech